“Denov agro star”da zamonaviy texnologiyalar bilan tanishuv
Kuni kecha “Uzagro Star” xolding kompaniyasi vakillari Denov tumanida faoliyat yuritayotgan “Denov agro star” korxonasiga amaliy tashrif buyurdi. Tashrifda xolding Agrosanoat majmuasi boshqarmasi boshlig’i Murodulla Anarbayev hamda hududiy menejerlar rahbari Baxrom Yusufxanov ishtirok etdi.
Mehmonlar dastlab korxonaga yaqinda keltirilgan zamonaviy meva-sabzavotlarni qayta ishlash uskunasi bilan tanishdi. Uskunaning ish jarayoni, mahsulotni qabul qilishdan tortib tayyor holga keltirishgacha bo’lgan bosqichlar amalda namoyish etildi. Bunday texnologiyalar mahsulot sifatini oshirish, isrofgarchilikni kamaytirish va qishloq xo’jaligi mahsulotlariga qo’shimcha qiymat yaratish imkonini beradi.
Shundan so’ng limonlarni quritish texnologiyasi jarayonlari ko’zdan kechirildi. Mutaxassislar quritish usullari, mahsulotning foydali xususiyatlarini saqlab qolish hamda uni uzoq muddat davomida sifatli holda saqlash bo’yicha ma’lumot berdi.
Tashrif davomida korxona issiqxonalarida yetishtirilayotgan limon ko’chatlari ham ko’rib chiqildi. Ko’chatlarni parvarishlash sharoitlari, ularning o’sish holati va kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo’yicha takliflar muhokama qilindi.