Ta'lim va ishlab chiqarish: yangi hamkorlik bosqichida
“Denov Agro Star” MChJ O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Denov tumani 6-sonli texnikumi bilan dual ta’lim tizimini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Memorandum imzoladi.
Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi — ta’lim jarayonini bevosita ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni zamonaviy agrosoha uchun zarur bo‘lgan amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar sifatida tayyorlashdir.
Memorandum doirasida texnikum o‘quvchilari nazariy bilimlar bilan bir qatorda, “Denov Agro Star” MChJ bazasida amaliy mashg‘ulot va ishlab chiqarish amaliyotlarida ishtirok etadi.
Xususan, yoshlar limonchilik, ko‘chat yetishtirish, mahsulotlarni qayta ishlash va qadoqlash, eksport, agroturizm, elektron savdo, ombor va logistika kabi yo‘nalishlarda amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, korxonada qo‘llanilayotgan zamonaviy, jumladan, xorijiy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida maxsus o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
“Denov Agro Star”da tashkil etilayotgan va kelgusida ishga tushiriladigan agroturizm markazi, ko‘chat savdo markazi, urug‘chilik markazi, qayta ishlash sexlari, sovutkich omborlari hamda eksport-logistika markazlari uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda texnikum bitiruvchilariga ustuvor ahamiyat beriladi.