"Denov Agrostar" mas’uliyati cheklangan jamiyati "GlobalG.A.P." xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi
GlobalG.A.P. — qishloq xo‘jaligi va akvakultura sohalarida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlar tizimi bo‘lib, 100 dan ortiq mamlakatlarda qo‘llaniladi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global tashabbus (GFSI) tomonidan tan olingan.
Surxondaryo viloyatida mazkur xalqaro sertifikatga loyiq deb topilgan "Denov Agrostar" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sertifikatni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda mahsulot sifati va eksport salohiyatini oshirish, xalqaro bozor talablariga mos ishlab chiqarishni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tashrif doirasida "Oltinsoy biznes magnat" MCHJ tomonidan 10 gektar maydonda barpo etilayotgan energiya tejamkor limonchilik issiqxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Ayni vaqtda issiqxonada limon ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, tadbirkor yerdan samarali foydalanish maqsadida ko‘chat oralariga tomchilatib sug‘orish asosida kartoshka ham yetishtirmoqda.
Viloyat rahbari tadbirkorga amaliy tavsiyalar berib, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va loyihani rivojlantirish uchun barcha zarur ko‘maklar ko‘rsatilishini ta’kidladi.